Xitoy Qirg‘iziston va Vetnam fuqarolari uchun vizasiz tranzit imkoniyatini kengaytirdi
Amul Info ·

20-avgustdan Qirg‘iziston va Vetnam fuqarolari uchinchi davlat yoki hududga tranzit qilishda Xitoyda 240 soat, ya’ni 10 kungacha vizasiz qolishlari mumkin. Qirg‘iziston fuqarolariga Xaynan oroliga 30 kungacha vizasiz borish imkoniyati ham berildi.
Xitoy 20-avgustdan boshlab Qirg‘iziston va Vetnam fuqarolarini 240 soatlik, ya’ni 10 kungacha bo‘lgan vizasiz tranzit dasturiga qo‘shdi.
Yangi tartibga ko‘ra, ushbu mamlakatlar fuqarolari uchinchi davlat yoki hududga ketayotganda Xitoy hududida 10 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, Qirg‘iziston va Vetnam fuqarolariga Haynan oroliga 30 kungacha vizasiz sayohat qilish imkoniyati yaratildi.
Vizasiz tranzitdan foydalanish uchun sayohatchilarning amal qilib turgan umumfuqarolik pasporti va Xitoydan boshqa davlat yoki hududga ketish uchun oldindan tasdiqlangan sanadagi uchish chiptasi bo‘lishi shart.
Vizasiz bo‘lish davrida xorijiy fuqarolarga turizm, biznes, qarindoshlar va do‘stlarga tashrif buyurish kabi maqsadlarda Xitoyda bo‘lishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, ishlash, o‘qish yoki jurnalistik faoliyat olib borish uchun tegishli viza olish talabi saqlanib qoladi.
Xitoyning ushbu qarori Markaziy Osiyo bilan Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rtasida turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin. Qirg‘izistonning dasturga qo‘shilishi esa Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun Xitoyning tranzit imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.