Yevrokomissiya 13 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarda cheklovlar kiritishni taklif qilmoqda
Amul Info ·

Yevrokomissiya «Kids Act» qonun loyihasini taqdim etib, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni taklif qildi. 13–15 yoshdagilar uchun mini-akkauntlar va kuniga bir soatlik limit, 15–18 yoshdagilar uchun esa xavfsizroq platforma dizayni talablari ko‘zda…
Yevropa Komissiyasi 13 yoshdan kichik bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi «Kids Act» nomli qonun loyihasini taqdim etdi. Ushbu tashabbus Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning Yevroparlamentdagi yillik nutqida ma’lum qilindi.
«AZERTAJ» agentligi xabariga ko‘ra, hujjatda bolalarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy platformalardan foydalanishiga bosqichma-bosqich cheklovlar kiritish taklif etiladi.
Taklifga ko‘ra, 13 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat etilmaydi. 13–15 yosh oralig‘idagi o‘smirlarga esa faqat cheklangan imkoniyatlarga ega mini-akkauntlardan foydalanish va ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan vaqtni kunda bir soat bilan cheklash taklif qilinmoqda.
15–18 yosh oralig‘idagi foydalanuvchilar uchun esa ijtimoiy platformalardan yoshiga mos va xavfsizroq tarzda foydalanish imkonini beruvchi maxsus dizayn talablarini kiritish ko‘zda tutilgan.
Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, tashabbusni tayyorlash uchun maxsus mutaxassislar guruhi tuzilgan. Uning aytishicha, taklif yosh guruhlari xususiyatlarini inobatga oladigan bosqichma-bosqich yondashuvga asoslangan.
«Kids Act» nafaqat ijtimoiy tarmoqlarni, balki onlayn o‘yinlar va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan chat-bot xizmatlarini ham o‘z ichiga oladi. Yevropa Komissiyasi tegishli kompaniyalardan bolalarning yoshiga mos kelmaydigan xizmatlarga kirishining oldini olish uchun yosh tekshiruvlari va tegishli cheklovlarni o‘rnatishni talab qilishni rejalashtirmoqda.
Qonun loyihasida belgilangan qoidalarga rioya etilmagani uchun jarimalardan foydalanish ham ko‘zda tutilgan. Bu talablarning bajarilishini nazorat qilish va tegishli choralarni ko‘rish uchun Yevropa darajasida tegishli mexanizmlar yaratilgani xabar qilinmoqda.